Xalq boshidan soya ketgan kuzmi bu Rab
Yolg`on desam nahotki rost so`zmi bu Rab
Uzun-uzun ohlar ko`kka o`rlanadi
Xalq otasin umri shuncha ozmidi Rab
Yetmish ikki tomirlarga motam yetdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi
Butun elni yig`latgan kun qandayin kun
Shum xabardan butun boshli millat mahzun
Yurtim deya xalqim deya qayg`urib bir
Qayg`urmabdi otajonim o`zi uchun
Olam uzra qandayin bir olam ketdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi
Garchi ajal o`z mo`ljali beomondir
Endi diydor otam bilan ming armondir
Cho`lponlarni boy bergani yetmasmidi
O`zbek uchun buncha qattiq imtihondir
Chorak asr yurt to`yida alam yetdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi
Zor yig`laydi mahzungina O`zbekiston
Jo`r yig`laydi mahzungina O`zbekiston
Kuz pallasi boshin yerga egibgina
Huvillaydi mahzungina O`zbekiston
O`zbekiston suyangan chin odam ketdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi
“E baraka topgur” degan so`zi qani
Nigohlari iliq bo`lgan yuzi qani
Shundayin bir gullagan hur vatan qurib
Bunda endi otajonim o`zi qani
Aytar so`zi xalqi uchun malham ketdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otajonim ketdi
Endi senga sabr bersin ona xalqim
To`zim bersin qadr bersin ona xalqim
Duo ayla duo ayla shu zot uchun yurtbosh uchun
Nurga to`la qabr bersin ona xalqim
Ming-ming alam Xalq tayanchi daldam ketdi
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi