Ozod o‘g‘lim hur o‘g‘lim
Har oning huzur o‘g‘lim
Shahdingdan kun yorishsin
Yuzi yorug‘ nur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
El bo‘lsa yigit joni
Sel kabi jo‘shar qoni
Vatan desa dunyoni
Ikki chetga sur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
Nafs ipin uzar bo‘lsang
Baxt ichra suzar bo‘lsang
Bir esking buzar bo‘lsang
Avval o‘nta qur o‘g‘lim
Bizning ilm maktabi
Bo‘lgan dunyo matlabi
Buxoriy bobong kabi
Qilgin tafakkur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
G‘aflatdan yuz bur o‘g‘lim
Bo‘l hammadan zo‘r o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
Ulug‘bek osmonida
Yulduz bo‘l oy yonida
Beruniy ummonida
Bo‘l marvarid dur o‘g‘lim
El koriga bo‘lsang shay
Seni kaftimda tutay
Bobong Manguberdiday
O‘zni tut mag‘rur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
G‘aflatdan yuz bur o‘g‘lim
Bo‘l hammadan zo‘r o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
Avlodning baxtga mosi
Ajdodlarga bo‘l xosi
Bibixonim momosi
Bobosi Temur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
Yo‘lingda qancha chohlar
Uyg‘onmasliging xohlar
Sen esa shunday chog‘lar
Bo‘l qaytmas jasur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
Yasha yurtni sha'nim deb
Har yerin chamanim deb
Hayqirib: “Vatanim”- deb
Et faxr-u g‘urur o‘g‘lim
Biz - o‘tmish sen - kelajak
Umring baxtga to‘lajak
O‘zginamning bo‘lajak
Navoiy Bobur o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim
G‘aflatdan yuz bur o‘g‘lim
Bo‘l hammadan zo‘r o‘g‘lim
Uyg‘on o‘g‘lim tur o‘g‘lim