“Dadajon” deb oqshomlari og`rigan qiz
Suratlarga termulib-la ovungan qiz
O`ksimagin bu hayotning sinovidan
Yig`lamagin otasini sog`ingan qiz
Farishtalar soching silab alla aytsin
Armonlaring shodlik bo`lib senga qaytsin
O`ylamagin bu hayotning baland-pastin
Yig`lamagin otasini sog`ingan qiz
Senga qarab shoir ko`ngli ezilmasin
Xafa bo`lma ko`ngling aslo buzilmasin
Ne qilay deb umiding hech uzilmasin
Yig`lamagin otasini sog`ingan qiz
Tinch hayoting ba’zan bo`lar ostin-ustun
Hofiz bugun senga atab kuylar yozsin
Yolg`izman deb aslo ko`ngling buzilmasin
Yig`lamagin otasini sog`ingan qiz
Yomon kuning taqdir tushga o`girsaydi
To`ylaringda duo qilib o`tirsaydi
Atrofingni quvonchlarga to`ldirsaydi
Yig`lamagin otasini sog`ingan qiz
“Dadajon” deb oqshomlari og`rigan qiz
Suratlarga termulib-la ovungan qiz
O`ksimagin bu hayotning sinovidan
Yig`lama qiz