Bir kun izlarini izlab zor bo'lar
Oxir ko'zlariga dunyo tor bo'lar
Qaytar dunyo ishi o'ziga qaytib
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
O'zining to'rt kunlik rohatin o'ylab
Suyganini siylab onasin qiynab
Bir kuni azobda qabrini yo'qlab
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
Tushunmas u nonko'r nodon toshbag'r
Onaning duosi asraydi axir
Ne qilsa o'shani qaytarar taqdir
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
Mehr bersang senga beradi Xudo
Ne qilsang barini ko'radi Xudo
Ehtiyot bo'l bir kun uradi Xudo
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
Dasturxon to'rini unga bermasa
Taomlar zo'rini unga bermasa
Bemor xastaligin ko'zi ko'rmasa
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
Beshavqat uzganda dil rishtasini
O'ylamay o'tmishin yo ertasini
Yolg'izlatib qo'ysa volidasini
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar
Ahad Qayum kuylar onalar madhin
Bukmaylik ularning aslo tik qaddin
Kim bilmay yashasa agarda qadrin
Onani yig'latgan farzand xor bo'lar